🚂 “Lokomotiv” olti nafar futbolchi bilan xayrlashdi

Ushbu mavsum nihoyasiga yetib, “Lokomotiv” jamoasi vakillari ham qishki ta’tilga chiqqanidan xabaringiz bor. Hozirgi paytda klubimiz murabbiylar shtabi yangi mavsumga tayyorgarlik rejasi ustida ish olib bormoqda.👇

▶️ Albatta, mavsumlar oralig‘ida har bir klubda tarkib bilan bog‘liq o‘zgarishlar ro‘y beradi. Jamoalar ba’zi futbolchilar bilan xayrlashib, ular o‘rnini boshqa o‘yinchilar bilan to‘ldiradi. Bugun “Lokomotiv” PFK olti nafar futbolchi bilan do‘stona, iliq tarzda xayrlashdi.

⚽️ Bular – darvozabon Javohir Ilyosov, himoyachilar – Shuhrat Muhammadiyev, Xurshid Muxtorov, yarim himoyachilar – Sadriddin Abdullayev, Javohir Sidiqov hamda hujumchi Marat Bikmayev.

🚂 Jamoadagi ushbu o‘zgarishlar haqida “Lokomotiv” PFK bosh direktor o‘rinbosari To‘labek Akramov shunday dedi:

– “Avvalambor klubimizni tark etgan futbolchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Garchi bu mavsum Superligada 7-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsak-da, jamoadagi barcha bor kuchi bilan mehnat qilib, yuqori o‘rinlar uchun oxirigacha kurash olib bordik. Faqat ba’zi o‘yinlardagi omadsizlik va boshqa sabablar tufayli ochko yo‘qotdik”.

– “Ha, bugun asosiy tarkibning olti nafar futbolchisi bilan xayrlashdik. Bu futbolchilarning har biriga klub rivojiga o‘z hissasini qo‘shgani uchun rahmat aytib qolaman. Lekin endilikda boshqa yo‘ldan borishni maqsad qilganmiz. O‘ylaymanki, U-21 jamoamizdan bir nechta futbolchi asosiy tarkibda o‘ynashga tayyor. Shu bois kelasi yil ko‘proq yoshlarga va o‘z tarbiyalanuvchilarimizga e’tibor berish haqida bosh qotiryapmiz. Yangi mavsum jamoamiz tarkibida bir qancha yoshlar to‘p tepadi, biz esa ularga katta futbolda o‘z o‘rinlarini topib ketishda qo‘ldan kelgancha yordam beramiz. “Lokomotiv”da tarkib o‘zgargani bilan maqsad va vazifalar o‘zgarmaydi”.