Mashrab Adilov: “Doimo o‘z oldimga yuqori maqsadlarni qo‘yaman”

“Lokomotiv” futzalchisi Mashrab Adilov “Stroitel-Zarafshon”ga qarshi o‘yindan keyingi fikrlarini bildirib o‘tdi.
– Bugungi o‘yin qiyin o‘tishini bilardik. Kecha “Paxtakor”ga qarshi o‘yinda jamoamiz katta kuch yo‘qotdi. Bugungi uchrashuvda esa bu bilinib qoldi. O‘yinni yaxshi boshlay olmadik, birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yubordik. Keyinchalik imkoniyatlarimizdan maksimal ravishda foydalanib ketdik va ishonchli g‘alabaga erishdik.

– O‘zbekiston chempionatida ketma-ket turli xil jamoalar tarkibida chempionlikni qo‘lga kiritdingiz.
– Ha, bu juda yaxshi hissiyotlarni taqdim qiladi. Umuman olganda men doimo o‘z oldimga yuqori maqsadlarni qo‘yaman. Futbolchi shu orqali o‘sishga erishadi. Katta maqsadlar sari intilaverish futbolchini yanada kuchli qiladi. Men o‘zim o‘ynayotgan jamoa uchun doimo bor kuchim bilan kurashaman.

– Kelasi turda AGMKga qarshi bir yo‘la ikki o‘yin bizni kutib turibdi.
– Albatta, AGMKga qarshi o‘yinlar qiyin o‘tishi turgan gap. Ushbu jamoa tarkibida juda tajribali va iqtidorli yosh futbolchilar jam bo‘lishgan. Ammo “Lokomotiv” rahbariyati bizning oldimizga ulkan maqsadlarni qo‘ygan. Jamoamiz juda ham yaxshi tayyorgarlikka ega. Biz istalgan raqibga munosib qarshilik ko‘rsata olamiz. AGMKga qarshi o‘yinlarda faqatgina g‘alaba uchun harakat qilamiz.