Dilmurod Shavkatov: “Jamoa hozir ideal holatda”

“Lokomotiv” futzal jamoasi a’zosi Dilmurod Shavkatov bugun “Paxtakor” darvozasiga uchta gol urdi.
Futzalchimizdan bugungi o‘yin haqidagi fikrlarini so‘radik.
– Bugungi o‘yin juda og‘ir o‘tdi. “Paxtakor” yaxshi shakllangan, tarkibi kuchli futzalchilardan iborat jamoa. O‘yin davomida biz yuzaga keltirgan imkoniyatlarimizdan unumli foydalana oldik. Asosiy yutug‘imiz shunda bo‘ldi. Shu orqali g‘alabaga erishdik. Navbatdagi o‘yinlarda “Paxtakor”ga omad tilayman.

– Jamoamiz mavsumdagi yettinchi o‘yinda yettinchi g‘alabaga erishdi.
– Birorta o‘yinimiz oson o‘tmadi. Ba’zida hisobda ortda bordik, iroda, xarakter ko‘rsatdik. Oldingi mavsumlarga qaraganda bu yil jamoalar kuchaygan. Chempionatda raqobatbardosh jamoalar soni oshgan. Menimcha, endi bizda oson o‘yinning o‘zi bo‘lmaydi.

– Jamoaning umumiy darajasi haqida nima deya olasiz?
– A’lo darajada. Ideal holatda desak ham bo‘ladi. Har bir o‘yinga tayyorgarlik zo‘r ketmoqda. Klubdagilar futzal jamoaga yaxshi e’tibor bermoqda. Biz esa bunga natijalar bilan javob berishga harakat qilyapmiz. Jamoaning o‘yini anchagina shakllangan. Shu sababli ayni damda birinchi o‘rindamiz.

– Ushbu turdagi ikki raqibimiz haqida nima deya olasiz?
– “Stroitel-Zarafshon”ni raqobatbardosh jamoa deya olaman. Istalgan paytda ular raqiblarini qiynab qo‘yishi, boshog‘riq bo‘lishi mumkin. “Dinamo” esa yosh futbolchilarga tayanib o‘yin ko‘rsatadi. Ular bilan ham o‘ynash oson bo‘lmaydi.