🎤Dilshod Nuraliyev 2004-2005-yilda tug‘ilgan iqtidorli futbolchilarni 13-19 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan ko‘rik yig‘iniga taklif qiladi

“Lokomotiv” yoshlar jamoasi bosh murabbiyi Dilshod Nuraliyev ushbu mavsum haqida fikrlarini bildirib o‘tdi va yosh futbolchilarni kelasi yili U-21 Birinchiligida “Lokomotiv” libosida harakat qilishga taklif qildi✅

– Avvalo kichik e’lonni aytib o‘tmoqchiman. 13-dekabrdan 19-dekabrga qadar “Lokomotiv” yoshlar jamoasi uchun ko‘rik yig‘in o‘tkaziladi. Ushbu yig‘inga 2004-2005-yilda tug‘ilgan yosh va iqtidorli futbolchilarni taklif qilaman. Ushbu yig‘in orqali 2022-yilgi mavsum uchun U-21 jamoasiga futbolchilarni tanlab olamiz. Klub rahbariyati so‘nggi yillarda yoshlar jamoalariga katta ahamiyat bermoqda. Shu boisdan ular kelasi mavsum uchun tarkibni tubdan yoshartirib, klubning kelajagi asosini barpo etishmoqchi.

– Ushbu mavsumdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
– Ikkinchi davradagi o‘yinlardan asosan ko‘nglim to‘ldi. Kamchiliklar juda ko‘p. Tarkib yosh, asosan, 2001-2004-yillarda tug‘ilgan futbolchilar bilan mavsumni o‘tkazdik. Natijalarga qarasak, birinchi davrada juda ko‘p ochkolarni boy berdik. Ikkinchi davrada esa so‘nggi 9 o‘yinda yutqazmasdan, ajoyib seriya qayd etdik. Yaxshi tomoni, ushbu mavsum sovrinli o‘rinlarni egallagan jamoalarga o‘yin bobida yutqazmadik. Bu bizni xursand qiladi. Faqatgina ayrim o‘yinlarda so‘nggi daqiqalarda gollar o‘tkazib yuborib, g‘alaba qozonib turgan joyimizda ochkolarni qo‘ldan chiqardik. Demak, biz – murabbiylar ayrim joylarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yyapmiz. Bu borada ishlaymiz va kelasi yili asosiy jamoa uchun ko‘proq futbolchilar yetkazib berishga harakat qilamiz. Yana bir xursand qiladigan tomoni shundaki, 2021-yili 3 futbolchimizni asosiy tarkibga yetkazib berdik, ular debyut o‘yinlarini o‘tkazishdi. Kelasi yili bundan-da ko‘proq futbolchilarni asosiy tarkibga olib chiqamiz. Bu borada ishlayapmiz, izlanyapmiz va qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz.