🎤 Akbar Usmonov: Gollarim bilan jamoa g’alabalariga munosib hissa qo’shmoqchiman

– 2-tur o‘yinlari qiziq bo‘lib o‘tdi. Uchala o‘yinda ham raqiblar munosib qarshilik ko‘rsatishdi. Barcha bahslarda g‘alabaga erishganimizdan xursandman. Buning uchun jamoadoshlarim va murabbiylar shtabiga rahmat aytaman.

– 6 o‘yinda 6 g‘alaba – bu raqiblarning kuchsizligidan dalolatmi yoki “Lokomotiv” kuchayganidan?
– Raqiblarni kuchsiz demagan bo‘lardim. Futbolchilar har bir bahsga yuqori kayfiyatda maydonga tushishmoqda. Shuning evaziga g‘alabalar kelmoqda deb o‘ylayman. Qisqa qilib aytganda, barcha futbolchilar qattiq mehnat qilishmoqda.

– Bunga qadar ham Siz bir necha bora chempionatda to‘purar bo‘lgandingiz. Ushbu mavsumda jamoaviylikka e’tibor berasizmi yoki ko‘proq gol urishga?
– Futbolda baribir jamoaning g‘alabasi yuqori o‘rinda turadi. Men ham doimo jamoaning muvaffaqiyatini barchasidan ustun qo‘yaman. Shu orqali o‘z gollarim bilan g‘alabalarga munosib hissa qo‘shmoqchiman.