– Jamoa mamlakat chempionatida muvaffaqiyatli start oldi. 1-tur haqida nimalar deya olasiz?
– Ha, mavsum yaxshi boshlandi. Barcha jamoalar mavsumga yaxshi tayyorlanishdi. Mavsumdagi dastlabki o’yin qiyin o’tdi. Boshida “Bunyodkor” himoyasini yorib o’ta olmadik. Keyinchalik ishlar yaxshi ketdi va ko’plab gollar urdik. Ikkinchi o’yinda mamlakatimizning eng kuchli jamoalaridan biri – “Huaxin-Jizzax” bilan bahslashdik. O’yinni ikkinchi raqamli jamoa sifatida boshlab, himoyada o’ynadik. Lekin bor e’tiborimiz g’alabaga qaratilgandi. So’nggi bahsda mezbon “Neftchi”ga qarshi o’ynadik. Og’ir va bosimga boy o’yin bo’ldi. Mahalliy muxlislarning qo’llab-quvvatloviga qaramay g’alabaga erisha oldik.
– Milliy terma jamoamizning bir necha futbolchilari jamoa tarkibiga o’yin sifatiga qanchalik ta’sir o’tkazdi?
– To’labek Abrorovich Akramovning sa’y-harakatlari bilan tarkibni anchagina kuchaytira oldik. Bu borada uzoq gaplashdik va jamoamiz oldiga katta maqsadlar qo’ydik. Mavsumlar oralig’idagi transferlar oynasi biz uchun zo’r o’tdi. Tarkibimizga termamizning asosiy futbolchilari va darvozaboni o’tdi. Ishlashda davom etamiz va “Lokomotiv”ni yuqori o’rinlarga olib chiqishga harakat qilamiz.
– 1-tur o’yinlaridan keyin muxlislar “Lokomotiv” futzal jamoasiga bo’lgan “planka”ni yuqori olishmoqda. “Lokomotiv” chempionlik uchun kurashadimi?
– Bu haqida gapirishga hali erta. Chempionat endigina boshlandi. Futbolchilarning o’zaro tushunishini avtomatik darajaga olib chiqishimiz va xatolarni to’girlashimiz kerak. Maqsadlar va vazifalar aniq qo’yilgan.
– Ravshan Eliboyev O’zbekistonning eng yaxshi darvozabonlaridan biri. Biroq Farg’onada Klim Tyugayevni ko’rmadik. Bunga sabab nima?
– Klim kasal bo’lib qoldi. U biroz shamollab qoldi va harorati ko’tarildi. Transferlar oynasining so’nggi kunida Ravshan Eliboyevni tarkibga qo’shib oldik. U ajoyib jismoniy holatda, bu Litvadagi mundialda ham ko’rindi.
Birinchi turdagi g’alabalar bilan barcha temiryo’lchilar, klubdagilar va muxlislarni tabriklab qolaman. G’alabalar bilan!