🎤 Aziz Amonovning “Surxon”ga qarshi o’yindan keyingi fikrlari

Muxlislar talqiniga ko’ra, Coca Cola Superliganing 18-turi doirasida “Lokomotiv” – “Surxon” (2:0) uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi sifatida Aziz Amonov e’tirof etildi.

Aziz uchrashuv haqida shunday fikrlarni bildirdi:

– “Surxon”ga qarshi o’yin oson o’tmadi. Garchi, turnir jadvalida ular pastki qatorlarda borayotgan bo’lsa-da, ularni yetakchilar kabi baholadik. Ularga ham ochkolar kerak edi. Shu boisdan ham yutishimiz shart edi.

O’yindan keyingi matbuot anjumanida Mikael Sekeyradan “Azizning markaziy hujumda o’ynashi sizning g’oyangizmi yoki uning o’zi shu nuqtada ochilmoqdami?” deb savol berildi. Bunga Siz qanday javob berasiz?
– Murabbiyning talablarini bajarishga harakat qilyapman. Bunday qilayotgan faqatgina men emasman. Har bir futbolchi o’zining hissasini qo’shmoqda va murabbiylarning ko’rsatmalarini bajarishga harakat qilmoqda. Barchamiz bosh murabbiyga ishonamiz. Jamoaning o’yini yaxshilanayotgani sezilmoqda va har birimiz bu yo’lda o’z hissamizni qo’shishga intilyapmiz.

– Uchrashuvni tomosha qilish uchun O’zbekiston milliy termasi bosh murabbiyi Srechko Katanes ham keldi. Bu sizga qo’shimcha kuch beradimi?
– To’g’risini aytsam, uning kelganini bilmagandim. U boshqa o’yinga ketsa kerak deb o’ylagandim. “Lokomotiv”ning oldida ko’plab o’yinlar bor. Hozir faqatgina “Loko” haqida o’ylayapman. Oldimizga jiddiy maqsadlar qo’yilgan va uni bajarish kerak. Shu sababli o’yinlarimizdan barcha muxlislar zavq olishini istaymiz.