“Lokomotiv”ga kelishi, Mikael Sekeyra va futbolchilar haqida – bosh murabbiyimiz tarjimoni Abdumajid Nurmuhammedov bilan suhbat

– Abdumajid aka, “Lokomotiv”ga kelganingiz haqida gapirsangiz. Umuman olganda siz bunga qadar ham klubda ishlagan ekansiz.
– Hayot shunday ekan, taqdiringiz qayer bilan bog‘lanishini bilib bo‘lmaydi. 2008-yili meni “O’zbekTurizm” ishga chorladi. Ammo ma’lumotim oliy bo’lmagani uchun ulardan rad javobini oldim.

Ha, to‘g‘ri, “Lokomotiv”da 13 yil oldin ishlaganman. O‘shanda tarkibda ikki nafar braziliyalik futbolchi bo‘lardi. Ishga kirishdan oldin men hujjat to‘ldirayotganimda qog‘ozda qaysi tillarni bilasiz degan band bor edi. U yerga o‘zbekcha, ruscha va portugal tillarini bilishimni yozdim. Faoliyatim shunday boshlangan.
– Mikael Sekeyraning faoliyatiga qanday baho berasiz?
– Mikael Sekeyra – nafaqat o‘z ishining professionali, balki, professori. Unga shunday ta’rif bera olaman.
– Uning faoliyatidagi qaysi qiziq jihatlarni ajratib ko‘rsata olasiz?
– U chin yurakdan mehnat qilmoqda va futbolchilar bilan doimo ochiq-oydin gaplashishni yaxshi ko‘radi. Aldashni yoqtirmaydi. Futbolchilardan tortib, klub prezidentigacha yaxshi munosabatda. Birovlardan doimo kerakli sifatlarni oladi.
– Mutaxassis boshqa davlatga borsa, avvaliga ushbu mamlakatning madaniyati, urf-odatiga ko‘nika olmaydi. Sekeyraning qanday jihatlarini bilib oldingiz?
– U boshida o‘zbek futboliga o‘rganishga qiynaldi. Har bir mutaxassisga moslashish, u yerning madaniyatini o‘zlashtirish uchun vaqt kerak. Oradan bir necha oy o‘tib, u barchasini tushunib oldi: stadionda shunchaki futbol emas, urush bo‘ladi. Unda faqatgina g‘alaba uchun kurashish kerak.
– Murabbiyning gaplarini tezda tarjima qilish qanchalik darajada qiyin?
– Hozirda bu men uchun qiyin ish emas. U yerda 6 yil yashaganman va ko‘plab insonlar bilan gaplashganim uchun til yod bo‘lib ketgan. Ishni boshlayotganda esa boshida qiynalganman. Chunki futbolning o‘ziga hos terminlari bor. Ularni tushunib olgandan keyin nafaqat gapirish, balki, murabbiyni ham tezda tushunib olaman.
– Ko‘plab odamlar rus, ingliz va koreys tillarini o‘rganishni istashadi. Siz nima uchun aynan portugal tilini tanlagansiz?
– 2002 yili taqdir meni Portugaliya bilan yuzlashtirdi. Albatta, u davlatning tilini bilmasdan yashab bo‘lmaydi. U yerga pul topish va ukamning kontraktiga pul to‘lash uchun ishlashga bordim. U yerdagi do‘stlarim orqali men til o‘rganishni boshladim va 2 yil ichida tilni butunlay o‘zlashtirib oldim. Do‘stlarim portugal tili kursiga borishni tavsiya qilishdi va kursdan muvaffaqiyatli o‘tdim. Ushbu tilni bilishimdan xursandman va doimo foydali bo‘lmoqda.
– Nechta tilni bilasiz?
– O‘zbek tilidan tashqari rus va portugal tillarini. Inglizchada gaplashishga qiynalaman, ammo to‘liq tushunaman.
– Qaysi futbolchilarni tilshunos desa bo‘ladi?
– To‘g‘risi bilmayman. Bir necha futbolchilar ingliz tilini tushunadi va gapira oladi. Aytishim mumkinki, ularning deyarli barchasi portugal tilini tushuna boshladi.
– Jamoa ayni damda turnir jadvalida o‘rta pog‘onalarda va uchinchi o‘rin bilan farq katta emas. Jamoaning sovrinli o‘rinlar uchun kurashi borasida nima deya olasiz?
– Hozircha bu borada o‘ylamayapmiz. Biz uchun har bir bahs finalga teng. Agarda taqdirimizda yozilgan bo’lsa, barchasini ko’ramiz.
– Muxlislarga tilaklaringiz.
– Muxlislar jamoani qo’llashda davom etishsin, stadionimiz g’alabali onlarga to’la bo’lisihini istayman!