– Davralar oralig’ida uchrashuvga uzoq vaqt tayyorgarlik ko’rdik. Umuman olganda, yigitlar chin yurakdan mehnat qilishdi. O’z navbatida murabbiylar yutqazmaslik uchun bizga to’g’ri yo’l-yo’riqlar berishdi. O’yinni yaxshi, hujumkor boshladik. Asosiysi, yakkakurashlarda raqibga imkon bermadik. Tezkor gol urib olganimizdan keyin esa o’yin biroz osonroq o’tdi.
– Uchrashuvning birinchi bo’limida tashabbus biz tomonda edi. Ikkinchi bo’limda esa “Nasaf” ko’proq hujum qildi. Bu himoyachilarga qanchalik darajada og’ir?
– 2:0 hisobida oldinda edik. Shu boisdan ustunlikni ushlab qolish kerak edi. Og’ir bo’ldi, ammo, raqibning bosimiga dosh bera oldik. Ushbu mavsumda quruq o’yin o’tkazish qiyin bo’lmoqda. Shu boisdan ham “Nasaf” kabi raqib bilan yaxshi o’yin namoyish qilib, hujumda ham, himoyada ham a’lo darajada harakat qilib, gol o’tkazmasdan g’alabaga erishish yaxshi natija hisoblanadi.
– Mikael Sekeyra ma’lum sabablarga ko’ra kutilganidan ko’ra kechroq keldi. Bu mashg’ulot jarayonlariga ta’sir o’tkazmadimi?
– U barchasini nazorat qilayotgandi. Murabbiyimiz mashg’ulotimiz videolarini doimiy ravishda tomosha qildi va barchasidan xabardor bo’lib turdi.
– “Lokomotiv”ni oldinda muhim bahslar kutib turibdi. Jamoaning yuqori o’rinlar uchun kurashishga imkoniyatlar qanday?
– Ortga yo’l yo’q. Har bir bahsda kurashamiz. Vazifani ado etish uchun ochkolar to’plash kerak.