Salom, Qobil Bekovich! Siz klub tarixining boshidan beri ishlaydigan kam sonli fidoiylardan birisiz. Qanday qilib ushbu klubda ish boshlagansiz?
– 1999-yildan 2001-yilgacha Samarqandning “Dinamo” futbol klubida ma’mur bo’lib ishladim. “Lokomotiv” futbol klubining birinchi direktori Bahodir Nazirov meni klubga taklif qildi. Keyinchalik, jamoa “Davr” deb nomlangan va o’sha paytda “Davr” ikkinchi ligadan birinchi ligaga ko’tarilgandi. Jamoa rahbari sifatida mana shu tarzda “Lokomotiv” ga tushib qoldim
– Jamoa boshlig’i o’zi kim, qanday vazifalarni bajaradi? Oddiy muxlis uchun bu qiziq.
– Endi jamoa rahbari lavozimi joylarda boshqacha nomlanadi: kimdir klub menejeri, kimdir texnik direktor deydi. Umuman olganda, jamoa rahbari futbolchilarning barcha kundalik hayotlari, ularning ko’chib o’tishi, ovqatlanishi, uy-joylari bilan shug’ullanadi, barcha safar o’yinlarini tashkillashtiradi, uy uchrashuvlarini tashkil qilish ustida ishlaydi, ya’ni barcha tashkiliy masalalar ularning bo’ynida bo’ladi. Va, albatta, ichki muammolar mavjud. Futbolchi armiyaga chaqirilishi mumkin yoki u universitetda o’qiydi. Bunday hollarda jamoa boshlig’i futbolchiga yordam beradi, shunda o’yinchi muammolar haqida emas, balki, faqat futbol haqida o’ylaydi.
– Pandemiya paytida yangi xususiyatlar bo’lganmi? Biror narsa o’zgarganmi?
– Albatta bor edi. Bu kasallik bizni o’zgartirdi, butun dunyoni o’zgartirdi. Avvalo, biz sog’ligimiz va gigienamiz uchun yanada mas’uliyatli bo’ldik. Ular musobaqa tashkilotchilariga haroratni o’lchagan futbolchilar ro’yxatlarini berishni boshladilar. Xodimlarning o’zlari ularning sog’lig’ini yaqindan ko’rib chiqishni boshladilar. Ammo biz ko’rgan eng katta kamchilik bu tomoshabinlarsiz o’yin edi. Zero, futbol tomoshabinlar uchun o’yin. Ko’rib turganimizdek, hamma narsa allaqachon tiklanmoqda va kelajakda hamma bu masalada yaxshi bo’ladi deb o’ylayman.
– Sizdan tashqari baza ma’muri Ulug’bek Usmonxo’jaev va sport direktori Ravshan Muqimov shuncha yildan beri ishlamoqda. Ular haqida qisqacha ma’lumot bersangiz?
– Ravshan aka Muqimovdan boshlaymiz. Umuman olganda, bu klub tarixining birinchi kunlaridanoq bo’lgan. Klubning tashabbuskori 1999-yilda Samarqandning “Dinamo” klubi va O’zbekiston milliy terma jamoasini boshqargan Mahmud Rahimov edi. U 1983 yilda tug’ilgan yigitlarni sport maktab-internatidan olib, murabbiysi Rinat Ametov bilan birgalikda alohida jamoa tuzdi. Ushbu jamoa ham ikkinchi ligadan birinchi ligaga chiqdi. Agarda Ulug’bek Usmonxo’jayev haqida gapiradigan bo’lsak, u o’z ishini sidqidildan bajaradi. U mas’uliyatli hamda biz uchun qadrli inson. Agarda klubning professional ishchilarini eslaydigan bo’lsak, uni ham qo’shib ketgan bo’lardim.
– Klubimizda professional sifatida yana kimlarni eslatib o’tishga arziydi?
– Hozir ishlaydiganlarning barchasi. Nima uchun hamma? Chunki ushbu tarkib va xodimlar bilan biz O’zbekistonning 3 karra chempioni bo’ldik, kubokni yutdik, sovrindor bo’ldik. Chempionlar Ligasidagi ishtirok yaxshi tajriba berdi.
– Boshiga qaytaylik. O’sha paytda klub ishida o’ziga xos xususiyatlar bo’lganmi?
– Eng qizig’i shundaki, o’sha yillarda telefon yo’q edi. Uyali telefonlarsiz va internetsiz ishlashni tasavvur ham qila olmayman. Keyin biz hamma narsani oldindan rejalashtirdik. Bir hafta ichida, olti oy ichida. Agarda kimdadur telefon bo’lmasa, ishda muammolar paydo bo’ladi. Ammo keyinchalik biz yangi texnologiyalarsiz ishladik. Keyin ishchilar soni kamroq edi, hisobchi, kadrlar bo’limidan bir kishi, direktor Ravshan Muqimov, ma’mur Ulug’bek Usmonxo’jaev va murabbiylar. Endi, albatta, ishchilar ko’paymoqda, chunki O’zbekiston futbol assotsiatsiyasidan ko’proq talablar mavjud. O’shanda asosiy jamoa va yoshlar jamoasi bor edi xolos. Endi bizda ayollar futboli va mini-futbol, U-14, U-16, U-18 jamoalari mavjud va bunday keng qamrovli futbolchilar uchun ko’proq ishchi kuchi talab qilinadi.
– O’shanda chempionlik uchun kurashmagan jamoaning uni yutganidan farqi nimada edi?
– 2004-yili biz yuqori ligaga chiqdik va 2011-yilgacha shu ligada o’ynadik. Yigitlar texnik va kombinatsion futbol o’ynashdi. Futbol o’zgardi va futbolchilarning jismoniy holati muhim rol o’ynay boshladi. Siz jamoangizga har qanday kombinatsiyaga o’yinni kiritishingiz kerak. Hujumlarda rang-baranglik bo’lishi lozim. Ammo, bu futbol. Futbol menga o‘shanda ham, hozir ham yoqadi. So’nggi o’n yillikda biz chempionatdagi barcha sovrinlarni qo’lga kiritdik. Menimcha, 2012-yili yuqori ligaga qaytganidan keyin jamoaga ko’proq etibor berilishni boshladi.Buning uchun barchaga katta rahmat aytamiz.
– O’sha paytdagi o’yinlar tufayli Saidkomil Akbarov, Marsel Idiatullin, G’ulom Halimtoev, Oybek Usmonxo’jaev kabi futbolchilar klub afsonalariga aylanishdi. O’sha paytdagi futbolchini eslay olasizmi?
– Erkin Boydullaev, Ilnur Xazigaliev, o’sha Everton dos Chagas. Ularning barchasi o’zbek futbolining yulduzlari bo’lgan. Bizda juda yaxshi o’yinchilar ko’p edi. Afzal Azizovning himoyachisi Ilhom Mo’minjonovni ham eslayman.
– Everton Kavalkante “Lokomotiv” ga kelganida chempionatimizdagi ilk braziliyalik futbolchi bo’ldi. U jamoaga qay tarzda kelib qoldi va qanday hususiyatlari bilan ajralib turdi?
– Ravshan aka Muqimov uni jamoaga taklif qildi. U tezda jamoamizga qo’shilib ketdi. U o’sha paytdagi eng texnik futbolchilardan biri bo’lgandi. Endi uning sakkizinchi soniyada “Paxtakor” darvozasiga urgan goli esimda. O’shanda biz “Jar” da “Paxtakor” bilan o’ynadik, biz to’pni markazdan o’ynadik va u darhol birinchi hujumda gol urdi. Shundan keyin hamma u haqida gapira boshlagandi.
– Xo’sh, u bizning futbolimizga tezda moslashib ketdimi yoki darajasi yuqori bo’lganmidi?
– U bizning mentalitetimizni darhol qabul qildi. U hammamizga hurmat bilan qarardi. Chunki bizning xalqimiz kattalarga ham, kichiklarga ham hurmat bilan munosabatda bo’ladi. U hech qachon kibrga berilmasdi, biz bilan ovqatlanardi, hech qachon ajralmasdi. Oddiy qilib aytganda – u bizning o’zbeklar kabi inson bo’lgandi.
– 2000-yillarning oxirida Aleksandr Filimonov bizning klubda o’ynadi. Uni qanday qilib jamoaga olib kelishgandi?
– Vadim Abramov 2009-yilda klubimizga kelganida, men “Lokomotiv-BFK”ga o’tdim va bir muncha vaqt “Lokomotiv”ning bolalar jamoasida ishladim. Shuning uchun, men barcha tafsilotlarni bilmayman. Bu savolni Ravshan Muqimovga berish kerak.
– 2011-yilda jamoamiz birinchi ligaga tushib ketdi. O’shanda klubda qanday atmosfera hukm surgandi?
– Aksincha, bu holat bizga “qayta tug’ilish” imkonini berdi. Bizda tushkunlik kayfiyat bo’lmagan, va biz o’z ustimizda qattiqroq ishlay boshladik. 2012-yilda, ligaga katta kuch bilan qaytib kelganimizdan so’ng, darhol sovrinni qo’lga kiritdik.
– Yuqori divizionga qaytgandan so’ng, jamoa nafaqat o’yin jihatidan, balki chempionlik sari safarini boshladi. Shuningdek, homiylarni jalb qilishda, “Lokomotiv” brendini O’zbekistonda taniqli brendga aylantirishga qanday erishdingiz?
– Yaxshi savol. Bu 2011-yilda boshlangan. Bizga “Orient Finance Bank” va “O’zbek temir yo’llari” bizga homiylik qila boshladi. Biz o’z strategiyamizni o’zgartirdik va homiylar tufayli tajribali futbolchilarni taklif qildik, ular nafaqat “cho’qqi”ga qaytishimizga, 2012-yilgi bronza medallarning qo’lga kiritilishida ham yordam berishdi. Biz fan-klub yaratdik, fan-klub menejeri lavozimini joriy etdik va shu tufayli faol ravishda muxlislarni jalb qila boshladik.
– To’labek Akramov o’z tvitterida homiylar bilan hamkorlik tufayli 1,5 milliard so’m ishlab topilganligini yozdi. Amaldagi byudjet 2000-yillarga qaraganda sezilarli darajada ko’paydimi?
– 2000-yillarda bizning birinchi smetamiz 150,000,000 so’mni tashkil qilgan. Albatta, har yili inflyatsiya tufayli kurslar ko’tarilib bordi. Ammo o’sha paytda biz ushbu miqdorga qoniqardik va o’zimiz uchun hamma narsa sharoitlarni yaratib oldik. Hatto xorijdagi o’quv-mashg’ulot yig’inlarini ham tashkil qilardik. Endi bizning yoshlar jamoalariga, shu jumladan qurilayotgan futbol akademiyasiga ma’lum miqdor ajratilmoqda. Bolalar bemalol o’qishlari va yaxshi sharoitlarda futbol o’ynashlari uchun bizda sport bilan shug’ullanish uchun sharoitlar yaratish bo’yicha katta rejamiz bor.
– “O’zbekiston temir yo’llari” klub tarixidagi o’rni to’g’risida gapirib bering?
– Juda muhim. Chunki ular bizning asosiy va 20 yillik bosh homiyimiz hisoblanadi. Albatta ularga katta rahmat. Ko’plab futbolchilar tarbiyaladik, ularning ko’pchiligi chet elda o’ynayapti. Achilbay Ramatov Jumaniyazovichning ham bu yerda hissasi katta, u mamlakatimizda faol futbolni qo’llab-quvvatlaydi va doimiy ravishda bizni kuzatib boradi.
– Jamoa 2012-yilda ilk marta medallarini qo’lga kiritganida o’zingizni qanday his qildingiz? Chempionatlik haqida o’ylab ko’rganmisiz?
– Bu bizning birinchi medalimiz edi. Biz juda xursand bo’ldik, lekin oldimizda muhim vazifalar borligini bilardik. Birinchi o’rin, Chempionlar Ligasidagi ishtirok etish… Bu yo’lda mehnat qilgan barchaga minnatdorlik bildiraman.
– Klub tarixidagi eng yodda qolarli vaziyatlar haqida gapirsangiz?
– Esimda, 2012-yilda “O’zbekiston temir yo’llari” biz uchun TTZda qanday qilib stadion qurib berdi. Bunga qadar bizda stadion yoki ofis bo’lmagandi. Ungacha “Jar”dagi barcha binolar va stadionni ijaraga olgan holda foydalanardik. Keyinchalik bizda shunday ajoyib stadion paydo bo’ldiki, Osiyoda hanuzgacha bizning stadionni yaxshi ko’rishadi. O’z navbatida aytishimiz kerakki, stadion maysasi mamlakatdagi eng yaxshilardan biridir. Shu orqali klub o’z uyiga ega bo’ldi. Futbolchilar shu yerda dam olishadi, yotib qolishadi, mashg’ulot qilishadi. Bu men uchun eng yaxshi xotira bo’lib qoladi.
– “Lokomotiv”dagi faoliyatingiz davomida sizga boshqa jamoalardan takliflar bo’lganmi? Agar shunday bo’lsa, nega ularni rad etdingiz?
– Klubning ilk kunlaridanoq birga bo’layotganlar meni yaxshi tushunadi. Biz klubning paydo bo’lishida ishtirok etganmiz. Bu bizning yo’limiz. O’zimning mehnatimdan voz kecha olmayman. Bu sizning 20 yoshlik bolangizga o’xshaydi. Menda takliflar bor edi, ammo jamoani tark eta olmadim. Agarda bir kun kelib klubga kerak bo’lmasam, o’z o’rnimni bo’shatib bera olaman.
– Nima deb o’ylaysiz, nima uchun o’tgan yili jamoamiz muvaffaqiyat qozona olmadi?
– Birinchi davrada pandemiya tufayli yaxshi o’yin ko’rsata olmadik. Jamoani Andrey Fyodorov boshqarayotgandi. Uni barcha yaxshi biladi. Ehtimol, pandemiya bilan bog’liq nostandart vaziyat tufayli biz hech qanday darajada o’z darajamizni ko’rsata olmagandurmiz. Keyin Fyodorov Rossiyaga ishlashga taklif qilindi va jamoani Temur Kapadze qabul qildi. U yigitlarni birlashtirdi va biz ko’tarilishni boshladik. Chempionat pandemiya holatidagi kabi markazlshagan emas, balki o’zining oldingi tizimi kabi o’tkazila boshlandi. Shundan keyin futbolchilarimiz o’zlarini ko’rsatdilar. Ammo birinchi davrada juda ko’p yutqazganimiz sababli, turnir jadvalining o’rtalarida qolib ketdik.
– Mikael Sekeyra haqida fikringiz qanday?
– Birinchi kunlardanoq u haqida ijobiy fikrdaman. Axir men ko’plab murabbiylarni ko’rganman. Avvaliga u jamoaga, bizning mentalitetimizga o’rganib oldi. U mamlakatimizga moslashgandan so’ng, u “Lokomotiv” bilan g’alaba qozonishni boshladi. Ishonchim komilki, Sekeyra bilan jamoamiz o’z rejalariga erisha oladi. U juda yaxshi mutaxassis va o’z ishining ustasi.
– Hech kimga sir emaski, “Lokomotiv” nafaqat asosiy tarkibni, balki ayollar futboli, futzal va o’z akademiyasini ham qo’llab-quvvatlaydi. Iltimos shu haqida qisqacha fik bersangiz.
– Aytganimdek, ilgari bizda faqat asosiy va yoshlar jamoalari bor edi xolos. Endi biz ayollar futboli, mini-futbolni rivojlantirishimiz mumkin degan nuqtaga keldik. Menimcha, barcha klub bolalar futbolini rivojlantirishdan boshlashi kerak. Biz ayollar futboliga ham, mini futbolga ham katta e’tibor beramiz. O’zbekiston mini-futbol jamoasi Jahon Chempionatida ham qatnashishni boshladi. Bundan tashqari, bu yildan boshlab biz U-18 jamoasini tuzdik, ularni tomosha qilish qiziq. Menimcha deyarli barcha uchun bolalar futboli qiziq. Aynan ular voyaga yetib jamoani sovrinlar sari yetaklashi mumkin.
– “Lokomotiv” ning iqtidorli yoshlaridan qaysi birini ajratib ko’rsatish mumkin?
– O’tgan yillar davomida yoshlar jamoamiz tarkibida o’ynagan yigitlar Dilshod Komilov, Jalollidin Jumaboev kabi futbolchilar asosiy tarkibimizda ham o’ynamoqda. Mavsum boshida biz Abdumavlon Abdujalilovni qo’lga kiritdik. Ikrom Aliboev bizning futbol maktabimizda chiqqan va ayni damda Janubiy Koreyada o’ynamoqda. Quvondiq Ro’ziyev ham bizning maktabimizda tarbiya topgan. Kelajakda asosiy jamoamizda o’ynay oladigan yoshlarimiz juda ko’p. Akademiya va yoshlar jamoalariga beriladigan e’tibor doimo o’z mevalarini beradi.
– “Lokomotiv” tarixidagi eng yaxshi tarkib qaysi yili jamlangan deb hisoblaysiz?
– 2013 va 2016-yillarda yaxshi jamoalarimiz bo’lgan. To’g’risi biror jamoamizni ajratib ko’rsata olmayman. Uzoq yillar davomida tarkibimizda kuchli futbolchilar o’ynadi.
– Klub tarixidagi eng yaxshi 3 nafar eng yaxshi futbolchini sanab bera olasizmi?
– Uzoq vaqt davomida klubning to’purari bo’lgan, hozir esa bolalar maktabimiz murabbiyi sifatida ishlayotgan Marsel Idiatullinni alohida ta’kidlamoqchiman. Uzoq yillar oldin tarkibimizda o’ynagan Aziz Haydarov ham. U keyinchalik jamoadan ketdi, terma jamoada o’ynadi va biz bilan faoliyatini yakunlandi. Islom To’xtaxo’jayev. Balki u boshqa klub tarbiyalanuvchisidir. Ammo Islom biz uchun ancha vaqt davomida harakat qildi.
– Eng yaxshi 3 ta murabbiy?
– To’ra Shoymardonov. 2004-yilda jamoamizni yuqori ligaga olib chiqishda uning katta xizmatlari bor. Shuningdek, Mirko Yelichich va Temur Kapadzeni ham qo’shib ketaman.
– Eng esda qolarli o’yin?
– Chempionlar Ligasida Qatarning “Al- Saad ” jamoasiga qarshi bahs. Yodimda, dastlabki bahsda yirik hisobda mag’lub bo’ldik. Toshkentda esa ularni 5:0 hisobida tor-mor etganmiz.
– “Lokomotiv” – siz uchun…
– Hayot!