🎤 Temurxo‘ja Abduxoliqov: “Bu yil ham ko‘p gol urishga harakat qilaman”

 

Safarda “Mash’al” bilan kechgan bahsda “Loko” 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. Bu o‘yinda jamoamiz hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov o‘z hisobiga ikkita gol yozib qo‘ydi. 👇

➡️ Klub matbuot xizmatiga bergan intervyusida Temurxo‘ja Muborakdagi bahs, yirik g‘alaba, yangi murabbiy, yaqindagina taqdirlangani hamda to‘purarlik poygasi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

O‘yin haqida
– “Mash’al”ga qarshi bahsni ilk daqiqalardanoq yaxshi boshladik. O‘yinimiz har tomonlama qovushdi. Birinchi taymdayoq masalani deyarli hal qildik deb o‘ylayman. Ob-havo ham qulay keldi. Muborakda juda issiq bo‘ladi deb o‘ylagandik, yo‘q aksincha, shamol esib salqin bo‘ldi. Bu vaziyatda bahsning 17:00da boshlangani katta ta’sir ko‘rsatmadi.

Yirik g‘alaba haqida
– Yirik g‘alaba qozonganimizdan xursandmiz. Bu avvalambor bosh murabbiyimizning ko‘rsatmasini bexato bajarganimizni anglatadi. Maydonga tushgan har bir futbolchi bor kuchi bilan harakat qildi. Biz bir jamoa bo‘lib o‘yin ko‘rsatishga harakat qilyapmiz. Murabbiyning mashg‘ulotlari va ko‘rsatmasida gap ko‘p.

Yangi murabbiy haqida
– Boshida hammamizga qiyin bo‘ldi. Jamoamizga portugaliyalik yangi murabbiy keldi. Albatta, murabbiyga ham o‘zbek futboliga ko‘nikish uchun vaqt kerak edi. Balki shuning uchun bo‘lsa kerak, mavsum avvalida to‘rtta o‘yinda g‘alaba qozona olmadik. Mikael Sekeyra bilan ishimiz yaxshi ketyapti, murabbiyimiz juda talabchan va haqiqiy professional.

“Bunyodkor” bilan o‘yindan oldin taqdirlangani haqida
– Bundan juda xursandman. Bilasiz, o‘tgan yil 100ta gol urish marrasini zabt etib Gennadiy Krasniskiy nomidagi to‘purarlar klubiga qabul qilingandim. Shu bois O‘FA tomonidan maxsus sovrin bilan taqdirlandim va bundan juda xursandman. Albatta, har bir sovrin futbolchiga qo‘shimcha kuch beradi.

To‘purarlik poygasi haqida
– Doim ko‘p gol urishga harakat qilaman. Hozircha Superligada to‘rt bor gol muallifi bo‘ldim. Boshida menga ham qiyin bo‘ldi, to‘liq formada emasdim. Lekin turdan turga o‘zimni yanada yaxshiroq ko‘rsatishga intilyapman. 2016 yil 22ta gol bilan chempionat to‘purari bo‘lgandim. Bu yil ham ko‘proq gollar urishga harakat qilaman. Lekin baribir men uchun jamoamizning yutug‘i birinchi o‘rinda turadi.