🎤 Javohir Sidiqov: “Bunyodkor”ning kuchli va zaif nuqtalarini yaxshi bilardik”

Coca Cola Superliganing 6-turi doirasida “Bunyodkor” ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin uchrashuvda hisobni ochgan Javohir Sidiqov fikrlarini bildirib o‘tdi.👇

– Toshkent derbisi qanday o‘tdi?
– O‘yin qiyin o‘tishini barcha bilib turgandi. “Bunyodkor” – qiyin raqib. “Surxon”ga qarshi o‘yindan keyin “Bunyodkor” bilan uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik boshlandi. Murabbiylar shtabi o‘yin uchun maxsus ko‘rsatmalar bera boshlashdi. Raqiblarni puxta o‘rgandik. “Bunyodkor”ning kuchli va zaif nuqtalarini yaxshi bilib oldik. Bugun mana natijasi ko‘rindi. Barchasi ajoyib bo‘lganidan xursandman.
– 5-turga kelib, jamoa g‘alabaga erishdi. Bu kech emasmi?
– Hamma narsa tezda bo‘lmaydi. Undan tashqari, “Lokomotiv”ga yangi bosh murabbiy keldi, jamoa tarkibidagi ko‘plab futbolchilar hali yangi. Mag‘lubiyatlardan keyin o‘z o‘yinlarimizni yaxshilab taxlil qildik. Barcha futbolchilar murabbiyning o‘yin uslubini qo‘llab-quvvatladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham biz murabbiyimiz tomonidamiz. Gʻalabalar esa futbolchilarga xarakter taqdim qiladi.
– Jamoa ma’muri Ulug‘bek Usmonxo‘jayevni tug‘ilgan kuni bilan qay tariqa tabrikladingiz?
– Gʻalaba bilan. Ertaga mashg‘ulotlarda ularni “koridor”dan o‘tishini kutamiz. Bu bizning asosiy sovg‘amiz (kuladi).