Aleksandr Krestinin: “Chetlatish o‘yinning borishini tubdan o‘zgartirib yubordi”

“Navbahor”ga qarshi o’yindan keyin jamoamiz bosh murabbiyi Aleksandr Krestinin matbuot anjumanida qatnashdi.

– O‘yinni hal qilish uchun yetarlicha vaziyatlarga ega bo‘ldik. Biroq chetlatish o‘yinning borishini tubdan o‘zgartirib yubordi. Bahs ikkiga bo‘lindi: chetlatishgacha va chetlatishdan keyingi o‘yin. Barchasini taxlil qilib chiqamiz.

– Bugun raqiblar posboni Eldorbek Suyunov bir yarim yil deganda yashil maydonda ko‘rinish berdi. Uning o‘yiniga qanday baho bera olasiz? Bugun u jamoangizning bir qancha gollar urishiga yo‘l qo‘ymadi.
– Yana bir marta aytaman. Raqiblarga baho bera olmayman. Bugun bizda 5ta yuz foizlik imkoniyatlar bo‘ldi va ularning birortasini golga aylantira olmadik. Shularning 4tasida to‘pni darvozagacha yetkaza olmadik. Darvozabon quruq o‘yin o‘tkazdi.

– Demak, chetlatishdan keyin “Loko”ning o‘yini salbiy tomonga ketdi. Shundaymi?
– Darvozabonimiz golgacha o‘yinda ko‘rinish bermadi. Faqatgina darvozasi oldidan to‘pni o‘yinga kiritib turdi. To‘p ungacha yetib bormayotgandi. Ikkinchi bo‘limda esa raqib qizil kartochkadan keyin hujumga o‘tishni boshladi.

– O‘yindan qanchalik norozisiz?
– Maksimal darajada. Biz juda katta ustunlik qilib, mag‘lub bo‘ldik. Vaziyatlarimizdan foydalana olmadik.

– Qizil kartochkaga qanday baho berasiz?
– Hakamlarning ishini muhokama qilmayman. Albatta, futbolchilar doimo norozi bo‘lishadi. Lekin qizil kartochka berildi. Barchasiga ko‘nish kerak.