Yorqin Nazarov: Shunday o‘yinlar ko‘payaversin

Superliganing 9-turi doirasida “Surxon”ga qarshi o’yindan keyin jamoamiz bosh murabbiyi Yorqin Nazarov fikrlarini bildirdi.

– Ikkita jamoa kurash olib bordi. Shunday o‘yinlar ko‘payaversin. Birinchi bo‘limda gol qo‘yib yuborganimizdan keyin ikkinchi bo‘limda ko‘proq hujum qilishga majbur edik va gol ham urib oldik. Bizda ko‘proq vaziyat bo‘ldi deb o‘ylayman, lekin baribir 1:1 hisobi bugungi o‘yin uchun adolatli bo‘ldi.

– “Lokomotiv” oldingi o‘yinlarda ikkinchi bo‘limda birinchisiga qaraganda pastroq o‘yin namoyish qilardi. Bugun esa jamoa ikkala bo‘limda ham kurashdi. Nima deb o‘ylaysiz, oldingi o‘yinlarda ikkinchi bo‘limda jamoada harakatchanlik tushib ketishiga nima sabab bo‘lgan deb o‘ylaysiz?
– Oldingi o‘yinlarda bizning tayyorgarligimiz boshqacharoq edi. “Bunyodkor” bilan o‘yindan keyin tayyorgarlik uchun 4-5 kun bor edi. Bu kam bo‘lsa ham tayyorgarlikni o‘zgarishga qaror qildik. Yigitlarda xohish yuqori bo‘lgani sababli mana bugun o‘yinda o‘zgarishlar bo‘lganini ko‘rdik. Oldingi o‘yinlardagidan ko‘ra ko‘p narsalarni, kun tartibini, mashg‘ulotlar jadvalini o‘zgartirdik. Agarda bugungi ikkinchi bo‘limdagi o‘yinga yetib keladigan bo‘lsak, barchasiga erishgan bo‘lamiz.